Bir kun bilan: MTTD mutaxassisi
Xodimlar - ERIELL Groupning eng katta boyligi. Bu yerda 17 yil davomida eng yaxshi xodimlar astoydil tanlab olingan. Hammamiz bir-birimizdan fe'l-atvorimiz va o‘ziga xos fazilatlarimiz bilan farq qilamiz. Biroq bizni yagona maqsad – yangi imkoniyatlarni taqdim etayotgan, bitta ahil oila bo‘lish, ERIELL Groupning yangi istiqbollari va yutuqlari yo‘lida mehnat qilishni o‘rgatayotgan umumiy ishimiz birlashtiradi.
"Bir kun" ruknimizda biz har bir xodim, uning ish kuni va kompaniyadagi faoliyati to‘g‘risida so‘zlab beramiz.
Bugun biz MTTD mutaxassisi Minajatdinov Abat bilan #BirKunni o‘tkazdik. U tovar-moddiy boyliklarni yetkazib berish bilan shug‘ullanadi, hamkasblarimiz talabnomalari bilan ishlaydi, bozor kon'yukturasini o‘rganadi va shartnomalar tuzadi.
Abat ERIELL Groupdagi mehnat faoliyatini 2012 yilda moddiy buxgalter lavozimida boshlagan. 2015 yildan beri MTTD mutaxassisi bo‘lib ishlab, sevimli kasbi bilan shug‘ullanib kelmoqda.
U o‘z ish kunini elektron pochtasini tekshirish va zarur talabnomalarni ularning bajarilish muddatiga qarab saralashdan boshlaydi. Zero, vaqtni to‘g‘ri taqsimlay olish xizmat majburiyatlarining sifatli bajarilishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Eng muhim va tezkor talabnomalarni tanlab olgach, Abat harakatlanish yo‘nalishi va kunlik rejasini tuzib oladi. Talabnomalarni bajarishning eng maqbul yo‘llarini izlash asnosida unga shahar bo‘ylab ko‘p harakatlanish va juda ko‘p odamlar bilan muloqot qilishga to‘g‘ri keladi. Bunda unga bu borada orttirilgan bilimlar va tajriba juda qo‘l keladi – u tez muloqotga kirisha oladi, bozorni ipidan ignasigacha biladi va o‘z ishining mas'uliyatini his qilgan holda tezkor qarorlar qabul qilishdan cho‘chimaydi.
«Fikrimcha, punktuallik va qat'iylik, kirishimlilik va intiluvchanlik har bir xodimning muhim fazilatlaridan biri. Shaxsan mening kasbimda hujjatlar bilan ishlay bilish muhim ko‘nikmalardandir. Har bir ishning o‘ziga xos jihatlari va qiyinchiliklari bor. Shuning uchun doimo mas'uliyatli bo‘lish, o‘z kasbini sevish va tezkor qarorlar qabul qilish lozim. O‘z mehnat faoliyatini endigina boshlayotgan yosh mutaxassislarga aynan shuni tilagan bo‘lardim. O‘z kasbingizga mehr qo‘ying, shundagina muvaffaqiyatga erishasiz!»
Qo‘yilgan barcha vazifalarni bajarib, Abat ish kunini yakunlab, oilasi davrasiga qaytadi.
«Men uchun oliy baxt – bu birinchi galda oilam. Rafiqam va farzandlarim har kuni meni ishdan kutib oladi, menga kuch-quvvat bag‘ishlaydi va yangi marralar sari ruhlantiradi. Ish ham inson hayotida muhim rol' o‘ynaydi. Asosiysi, kasbga bo‘lgan mehr. Ishingiz zavq bag‘ishlasa, oilangiz va yaqinlaringiz qo‘llab quvvatlasa, siz haqiqiy baxtni his qilasiz».