December 10, 2021

ERIELL guruhi: Naviyxonlik kechalari yana qaytdi

🇺🇿 Roppa-rosa 80 yil avval, xuddi shu kuni qamaldagi Leningradda bombalar yomg‘iri ostida buyuk mutafakkir va shoir Alisher Navoiyning 500-yilligiga bag‘ishlangan navoiyxonlik kechalari o‘tkazilgan edi. Ayni paytda Sankt -Peterburg shahrida ana shu shonli sanalarga bag‘ishlangan yubiley tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Bu yil O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan buyuk bobomiz Alisher Navoiyning 580-yillik yubileyi keng nishonlanmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri – Navoiyxonlik kechalarining qaytishi, tiklanishi bo‘ldi. Ular O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati, Sankt-Peterburgdagi Davlat Ermitaji va RFAning Sharq qo‘lyozmalari instituti bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston va Rossiya uchun tarixiy hisoblangan bu tadbir Ulug‘ Vatan urushi davridan buyon ilk bora o‘tkazilmoqda. Aynan o‘shanda, 1941 yilning 10 dekabr' kuni, Leningrad fashistlar qamalida bo‘lgan o‘sha mash'um kunlarda, shahar Yevropa tarixida ilk bor tasavvurga sig‘mas darajadagi sa'y-xarakatlar evaziga Alisher Navoiyning 500-yillik yubileyiga bag‘ishlangan Navoiyxonlik kechalarini o‘tkazdi. Ilmiy uchrashuvlar Ermitaj va Sharqshunoslik institutlarida bo‘lib o‘tdi.

Bugun ana shu an'ana yana tiklandi. Shu daqiqalarda Sankt-Peterburgda Alisher Navoiyning 580-yilligi va qamaldagi Leningradda o‘tkazilgan Navoiyxonlik kechalarining 80-yilligiga bag‘ishlangan Navoiyxonlik kechalari boshlandi. Tadbirlar RFA ning Sharq qo‘lyozmalari instituti va Ermitaj teatrida bo‘lib o‘tmoqda.

Shu bilan birga, tadbirlar siklini o‘tkazish ham rejalashtirilgan. Ular orasida – Sharq qo‘lyozmalari instituti va Rossiya milliy kutubxonasi fondlarida saqlanayotgan Alisher Navoiyning noyob qo‘lyozmalari ko‘rgazmasida, “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidan kitob-al'bomlar ko‘rgazmasi, Rossiya va O‘zbekistonning navoiyshunoslari ishtirokida shoirning ijodiy merosiga bag‘ishlangan davra suhbatlari, Alisher Navoiy asarlarini o‘qish, shuningdek, madaniy dastur – O‘zbekiston Qahramoni, maqomlar ijrochisi Munojot Yo‘lchievaning musiqa ansambli ishtirokidagi chiqishi rejalashtirilgan.

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Alisher Navoiyning 580-yilligini keng nishonlash to‘g‘risida tarixiy qaror qabul qildi. Xalqlarni birlashtiruvchi Navoiyxonlik kechalari kabi bunday ajoyib an'ananing tiklanishi – bu mamlakatimiz rahbarining tashabbusi xalqaro ilmiy va madaniy hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishining yorqin ifodasidir. Qamal holatida bo‘lgan Leningrad shahrida Navoiyxonlik kechalarining o‘tkazilishi – bu she'riyat gulshanining betakror bulbuli kuylagan va ulug‘lagan tinchlik va insonparvarlik g‘oyalariga sodiqlikning buyuk timsolidir. Va, biz yashayotgan hozirgi murakkab davrda bu o‘ta muhim, har bir inson uchun asosiy bo‘lgan xaqiqat xalqlarni hamon birlashtirib, yashashda davom etmoqda. Jahon jamiyati nomidan men Davlat Ermitaji va RFA Sharq qo‘lyozmalari instituti rahbariyati, shuningdek, O‘zbekiston xukumati va Eriell Group va Enter Engeneering kompaniyalarini mana shu muhim tarixiy tadbirni tashkil etganliklari uchun minnatdorchilik bildiraman”,-dedi O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati raisi Firdavs Abduxoliqov.

RFA Sharq qo‘lyozmalari instituti direktori Irina Popova ushbu navoiyxonlik kechalari bundan 80 yil muqaddam qanday o‘tkazilganligi to‘g‘risida so‘zlab berdi. Kechalarning ishtirokchilari orasida akademik Orbeli va professor Bertol's, Boris Piotrovskiy, Vsevolod Rojdestvenskiy, Nikolay Lebedev va ko‘plab boshqa mashhur olim va madaniyat arboblari bor. O‘z ma'ruzasida Irina Fyodorovna Orbelidan iqtibos keltirdi, ana shu so‘zlar bilan olim ana o‘sha tarixiy navoiyxonlik kechasiga yakun yasagandi: ”G‘alabadan so‘ng, u esa albatta keladi, biz yubileyni yanada dabdabali va yanada tantanali o‘tkazamiz ammo, nemis pushkalari shovqini ostidagi ushbu tadbir, umid qilamanki, barchaning yodida qoladi.Hech narsaga qaramay, she'riyat yashayveradi va tantana qilaveradi. Shunday ekan, keling, uning maftunkor bag‘riga sayr qilaylik...”

Tadbirda mashhur olim, shoir, navoiyshunos mutaxassislar ishtirok etmoqda. Ular orasida O‘zbekiston Qaxramoni Ibrohim G‘ofurov, Davlat Ermitraji direktori Mixail Piotrovskiy, Alisher Navoiy nomidagi til va adabiyot instituti rektori Shuhrat Sirojiddinov, RFA Sharq qo‘lyozmalari instituti direktori Irina Popova, navoiyshunos Sultonmurod Olim va boshqalar bor.