October 20, 2021

ERIELL prof educationda qiya yo‘naltirilgan quduqlarni qurishda operatsiyalarni rejalashtirish kurslari tashkil etildi

🇺🇿 ERIELL Group doimiy ravishda ishlab chiqarishni tashkillashtirish va takomillashtirishning innovasion usullarini izlash bilan shug‘ullanib, ularning orasida eng rivojlangani qiya yo‘naltirilgan burg‘ulash texnologiyasi hisoblanadi.

2020 yilning fevral' oyidan kompaniyaning Qiya yo‘naltirilgan burg‘ulash xizmati (QYBX) rahbariyati ERIELL prof education NTM negizida yosh muhandislar orasidan intensiv ravishda mutaxassislar tayyorlashga kirishdi. Shu davr ichida jami 6 ta kurs tashkil etilib, ularda Kompaniyalar guruhi QYBXning 104 nafar yosh muhandisi professional jihatdan o‘qitildi.

Joriy yilning 4-8 oktyabr' kunlari «Qiya yo‘naltirilgan quduqlarni qurishda operatsiyalarni rejalashtirish» dasturi bo‘yicha navbatdagi 6 kurs tashkil etilib, unda Buxoro, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahridan QYBXning 12 nafar xodimi ishtirok etdi.

Kurs moderatori ERIELL Oilfield Services B.V. kompaniyasining "Garraf" loyihasi burg‘ulash bo‘yicha bosh texnologi V.V. Melikyan bo‘ldi. So‘nggi yillarda u QYB bo‘yicha xorijiy kurslarni muvaffaqiyatli tugatgan va Halliburton (2016 y.), Well Sharp (2017, 2019 yy.) va Stendford Universiteti (2018 y.)ning nufuzli sertifikatlarini qo‘lga kiritgan.

«O‘qish davomida katta hajmdagi, xususan amaliyotimizdan misollar asosida yangi bilimlarni o‘zlashtirish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Neft' va gaz sohasida boy amaliy tajriba va ajoyib ta'lim berish ko‘nikmalariga ega trenerimizga minnatdorlik izhor qilmoqchiman», — deya o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashmoqda QYB bo‘yicha 2 toifali muhandis-texnolog Sardor Xo‘jamberdiev.

O‘tkazilgan o‘quv kursining muhim jihati uning O‘zbekiston hududida va xorijda quduqlarni burg‘ulash chog‘ida qo‘llaniladigan progressiv operatsiyalarni tizimli ravishda o‘rganish va batafsil tahlil qilishga amaliy jihatdan yo‘naltirilganligidadir.  Kurs mashg‘ulotlarining asosiy qismi tinglovchilar tomonidan Petronas, ENI, CNPC singari xalqaro neft' va gaz burg‘ulash kompaniyalarining amaliyotida qo‘llaniluvchi qiya yo‘naltirilgan quduqlarni avariyasiz va samarali o‘tkazishga doir chora-tadbirlar, ularni ERIELL Group QYBX tomonidan amalga oshirilayotgan joriy loyihalarda qo‘llash masalalarini bog‘lagan holda batafsil ko‘rib chiqish formatida o‘tkazildi. Kurs o‘quv dasturining asosiy qismi makon bilan bog‘liq tabiiy qiyshayishlarni hisobga olgan holda quduq traektoriyasini bashorat qilish, qiya yo‘naltirilgan burg‘ulash uchun uskuna parametrlarini tanlash va quduqlarni burg‘ulash rejimini optimallashtirish singari qiya yo‘naltirilgan quduqlarni burg‘ulashda operatsiyalarni rejalashtirishning dolzarb masalalariga bag‘ishlandi.

O‘qitish paytida tinglovchilarda dala sharoitlarida yosh muhandislarga foydasi tegishi mumkin bo‘lgan amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga asosiy urg‘u berildi. Xususan, ularning e'tibori burg‘ulash ustunlarining pastki qismi komponovkasi elementlari holatini monitoring qilishning asosiy usullari, ularni yig‘ish va sinovdan o‘tkazish, shuningdek tezkor muhandislik hisob-kitoblarini amalga oshirish, quduqlarni burg‘ulashda asoratlarni erta aniqlash hamda ularga yo‘l qo‘ymaslik yoki bartaraf etish usullarini muvaffaqiyatli o‘zlashtirishga qaratildi.

«Sementli ko‘prikdan yon ustunni kesishni amalga oshirishga doir yangi foydali bilimlarga ega bo‘ldim. Muammolarning aksariyati o‘zimizning ishlab chiqarish faoliyatimizdan olingan misollar asosida ko‘rib chiqilgani e'tiborga loyiq», — dedi QYB bo‘yicha 2 toifali muhandis-texnolog Nurimbetov Allamurat.

Ishlarni amalga oshirish rejalarini tuzish va nafaqat ularning debitini oshirish maqsadida avval burg‘ulangan quduqlar, balki qurilish bosqichidagi quduqlarda ham avariyalarni bartaraf qilish maqsadida yon ustunlarni burg‘ulash texnologiyalarini ishlab chiqish masalalari alohida ko‘rib chiqildi.

Kursning eng faol ishtirokchilari qatoridan Abdumutalov Farrux, Xo‘jamberdiev Sardor, Nurimbetov Allamurat, Mamedov Zurab, Amirov Bilol va Karimov Azizlar joy oldi.
ERIELL prof education NTMda QYBX rahbari Amirxanov Elbek Alimovich tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur kurs Kompaniyalar guruhida yosh mutaxassislarga uzluksiz professional ta'lim berish va ularni kompaniya ishlab chiqarish faoliyatining eng dolzarb va ilg‘or yo‘nalishlariga safarbar qilishning ixcham tizimi yo‘lga qo‘yilganligidan dalolatdir.